YPX xodimlari tomonidan avtomobillarni «ta'qib qilish» va «kuzatish» o‘rtasidagi farq tushuntirildi

YPX xodimlari tomonidan avtomobillarni «ta'qib qilish» va «kuzatish» o‘rtasidagi farq tushuntirildi


Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida ShIIBB tomonidan tashkillashtirilgan hamda jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi «Yo‘l patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi qarori yuzasidan tushuntirish berildi.

Yo‘l patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi haqida Toshkent ShIIBB YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari Aziz Sobirov so‘zlab berdi.


Jumladan, hukumat qarorida «yo‘l harakati qatnashchisi», «yo‘l partul xizmati xodimi», «yo‘l transport hodisasi», «yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash», «maxsus moslamalar», «maxsus tadbirlar», «ta'qib qilish» va «kuzatish» degan atamalar izohi berib ketilgan.

A.Sobirov «ta'qib qilish» atamasiga to‘xtalib, fuqarolardan bo‘layotgan murojaatlarda, ommaviy axboro vositalaridan tushayotgan so‘rovlarda «yo‘l patrul xizmati inspektori avtomobilni quvishi mumkinmi?» degan savol ko‘p uchrayotganiga urg‘u berdi. Hukumatning yangi qarorida bu masalaga ham oydinlik kiritib o‘tilgani ta'kidlandi.

«Ta'qib qilish» deganda jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslar salonida bo‘layotgan transport vositasi haydovchisi yo‘l patrul xizmati xodimining to‘xtash to‘g‘risidagi qonuniy talabini bajarmaganda, transport vositasining harakatiga chek qo‘yish hamda gumonlanuvchini ushlash maqsadida transport vositasining ortidan quvish tushinlishi belgilangan.

«Kuzatish» deganda haydovchisi tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik sodir etilgan transport vositasini dislokatsiyalar bo‘yicha kuzatib borib, ortidan quvmasdan to‘xtashga undash tushuniladi.

Shuningdek, A.Sobirov 2018 yilning 1 iyulidan boshlab barcha YPX xodimlari bodi-kamera bilan ta'minlanishi, yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilar ham yo‘l noziri o‘zaro munosabatlarni aydio, foto va videofiksatsiya qilish huquqiga ega ekanliklari haqida so‘zlab berdi.

Haydovchi shuningdek, YPX xodimlarining kuzatish va fiksatsiya qilish qurilmalarining sertifikatlarini, dislokatsiya xaritasini haydovchining talabiga ko‘ra taqdim etish qoidasi joriy etilayotganini aytib o‘tdi.

YPX xodimlarining haydovchilar va yo‘lovchilar bilan muomala madaniyati qanday bo‘lishi belgilanganini ham gapirib berdi.

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.