G‘allachilikdagi islohotlarning yangi bosqichi – fermerlar manfaatini ta'minlashga xizmat qiladi

G‘allachilikdagi islohotlarning yangi bosqichi – fermerlar manfaatini ta'minlashga xizmat qiladi


Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda g‘allachilik tarmog‘i yuqori ahamiyatga ega. Chunki, inson nonsiz hayot kechirishi mumkin emas. Shuni hisobga olgan holda respublikamiz istiqlolining dastlabki yillarida «G‘alla mustaqilligi» dasturining qabul qilingani va boshoqli don ekin maydonlari kengaytirilishi dunyo bo‘yicha 800 milliondan ziyod insonlar to‘yib ovqat yemayotgan bugungi kunda mamlakatda g‘alla ishlab chiqarish hajmini oshiribgina qolmay, balki aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash imkonini bermoqda.

Respublikamiz hukumati tomonidan joriy yil 27 noyabr kuni qabul qilingan «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror g‘allachilikdagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘targan holda inqilobiy ahamiyat kasb etdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Chunki, qaror bilan mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba kafolatlangan xarid narxlari o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 60 foizga oshirildi. Bu esa g‘alla yetishtiruvchi fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirishga va iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritishini ta'minlashga qaratilgandir.

Ahamiyatli tomoni shundaki, eng yuqori miqdorda chegirma qo‘llab belgilanadigan davlat xarid narxi ham bu yilgi davlat xarid narxiga nisbatan 1,2 barobarga ortiqdir.

Qarorning yana bir muhim jihati shundan iboratki, boshoqli don yetishtirishga sarflanadigan xarajatlar uchun 100 foiz miqdorida davlat byudjyetidan imtiyozli kredit ajratish belgilandi. Shu paytga qadar g‘alla yetishtirishda mahsulot qiymatining 60 foizi miqdorida kredit ajratilib, sarflangan moddiy-texnik resurslarga o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lovlar amalga oshirilmasdan o‘zaro qarzdorliklar paydo bo‘lishiga, bu esa agrotexnik tadbirlarni sifatsiz yoki o‘z vaqtida o‘tkazilmasligiga olib kelgan.

Imtiyozli kreditlarning mahsulot qiymatining 100 foizi miqdorida berilishi, fermer xo‘jaliklarida mablag‘lar taqchilligini oldini olib, talab etiladigan moddiy-texnika resurslariga o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirish orqali agrotexnik tadbirlarni to‘laqonli o‘tkazish imkonini beradi.

Qaror bilan belgilangan yana bir yangilik – bu yetishtirilgan g‘alla hosildorligiga bog‘liq holda xarid baholarini oshirib borish yoki kamaytirish mexanizmi belgilanganidir. Ushbu tizim fermer xo‘jaliklari tomonidan «tillodan-da yuqori qiymatga ega - xalq mulki bo‘lgan yer va suv»dan oqilona foydalanish hamda sarflanayotgan resurslar (mineral o‘g‘it, yonilg‘i moylash mahsulotlari, texnika va boshqalar) samaradorligini oshirish orqali yuqori hosil olishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantiradi.

Ma'lumki, bugungi kunda respublikamizda yetishtirilgan g‘allaning jami hajmining aniq hisob-kitobini yuritish tizimi mavjud bo‘lmasdan, shartnoma bo‘yicha sotilgan g‘allani 2 barobarga oshirgan holda, «shartnomadan ortiqcha qismi fermerning o‘zida qoldi» deya asoslanmagan hisobotlar taqdim etib kelingan.

Qaror bilan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan g‘allaning yalpi hosili hajmini hisobini yuritish tartibini ishlab chiqish belgilanishi ham fermerda, ham davlat organlarida yetishtirilgan g‘alla hosili to‘g‘risida aniq ma'lumotga ega bo‘lish orqali eng muhim masala – oziq-ovqat zaxirasini to‘g‘ri bashorat qilish imkonini beradi.

Ta'kidlangan huquqiy hujjatni «fermer tomonidan yetishtirilgan g‘alla hosili to‘lig‘icha davlat xaridi uchun yetkazib beriladi» deb tushunish noto‘g‘ri bo‘ladi. Fermer faqatgina kontraktatsiya shartnomasida belgilangan hajmdagi g‘allani davlat xaridi uchun sotadi. Qolgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanadi. Bunda bir gektar maydondan olinadigan hosil qancha yuqori bo‘lsa, sotish narxi ham shuncha yuqori bo‘ladi.

Qaror bilan belgilangan yana bir muhim masala, ya'ni sug‘oriladigan yerlardan yuqori hosil olmaslik «yerga nisbatan xiyonat» sifatida baholanishiga to‘xtalib o‘tsak.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Dasturi doirasida 2016-2018 yillarda respublika bo‘yicha 41 ming gektardan ziyod past hosilli g‘alla maydonlari qisqartirildi. Bugungi kunda sug‘oriladigan g‘alla maydonlari yuqori unumdorlikka ega bo‘lib, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish hisobiga o‘rtacha 55-60 sentner, yuqori reproduksiyali urug‘lar ekilganda 100–110 sentnerdan hosil olish imkoniyati mavjudligi ilmiy asoslangan.

Albatta, tuproq unumdorligini oshirishga intilmagan, yer bilan tillashmagan va yaratib berilgan sharoit hamda imkoniyatlardan samarali foydalanmasdan, yuqori hosil olishni maqsad qilmagan fermerning faoliyati nafaqat yerga, balki xalqqa, vatanga xiyonat sifatida baholanishi lozim.

Xulosa qilganda, har bir qarichi bebaho bo‘lgan yerimizga egalik qilib turgan fermer xo‘jaligi hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda g‘alladan yuqori hosildorlikka erishib, davlatimiz xirmonini, xalqimiz dasturxonini to‘ldirish, o‘z daromadlarini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga mas'uldir.

Isroiljon Xolmirzayev

iqtisod fanlari nomzodi, kat.i.x.

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.