2035 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 479 mlrd dollarga yetkaziladi 

2035 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 479 mlrd dollarga yetkaziladi 


“Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan KPMG auditor-konsalting tashkiloti ko‘magida O‘zbekiston Respublikasini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazida 4 dekabr kuni mazkur konsepsiya loyihasining dastlabki taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zA’ning yozishicha, O‘zbekiston Respublikasini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasidan maqsad mamlakatni dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan 50 davlati qatoriga kiritish.

Kontseptsiya loyihasi davlat boshqaruvini isloh etish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish, innovatsiya va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash kabi asosiy yo‘nalishlardan iborat.
Loyihaning davlat boshqaruvini isloh qilish yo‘nalishida qonunchilik bazasini takomillashtirish, sud tizimini isloh etishni davom ettirish, aholi siyosiy madaniyatini yuksaltirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va O‘zbekistonning xalqaro indekslardagi o‘rnini yuksaltirishga imkon beradigan davlat boshqaruvi institutlarini takomillashtirish vazifalari belgilangan.

Iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi va qishloq xo‘jaligini ravnaq toptirish, tadbirkorda tashabbuskorlikni kuchaytirish, moliyaviy resurslar bilan ta'minlash kabi omillarga asoslanadi.

Iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish hisobiga 2035 yilga borib, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 479 milliard dollarga yetkaziladi. O‘sish sur'atining bunday ko‘lamini belgilashda YaIMning nominal o‘sishi, iqtisodiyot samaradorligi, aholi jon boshiga daromadlar oshishi hisobga olingan, Xitoy, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Tailand kabi davlatlarning iqtisodiy rivojlanish dinamikasiga qiyoslangan.

Bugungi kunda turizm sohasining ulushi mamlakat yalpi ichki mahsulotida 1,4 foizni tashkil etsa, 2035 yilda uni 28 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 300 mingtaga yetkazish, tarmoqdagi bandlikni 1,5 barobar ko‘paytirish ko‘zda tutilmoqda.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘limida ta'lim tizimi, mehnat bozori hisobiga inson kapitalini rivojlantirish, aholining barcha qatlamlarini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish orqali odamlarning sog‘lig‘ini yaxshilash ko‘rsatkichini oshirish, ijtimoiy himoya, atrof-muhitni asrash, ilg‘or fikrlaydigan yangi avlodni shakllantirish, mamlakatning milliy brendini xalqaro miqyosda ommalashtirish kabi maqsadlar bayon etilgan.

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.