Jamshid Qo‘chqorov: «Iqtisodiy kengash amaliy jihatdan o‘z faoliyatini boshladi»

Jamshid Qo‘chqorov: «Iqtisodiy kengash amaliy jihatdan o‘z faoliyatini boshladi»


«2019-2021 yillar uchun iqtisodiy islohotlarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi»​​ taqdimoti vaqtida Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham ishtirok etib, Jahon banki bilan hamkorlikda tuziladigan iqtisodiy kengash faoliyati haqida ma'lumot berdi.

«Shu yilning 2018 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi davomida Jahon banki prezidenti janob Kim bilan uchrashgandi. Ko‘plab kredit shartnomalari imzolanishi bilan bir qatorda Jahon bankining nafaqat moliyaviy, balki konsultatsion yordam ko‘rsatishi haqida ham kelishib olingandi. Jahon banki O‘zbekistonga strategik maslahatchi sifatida o‘z yordamini taklif qildi. Prezident tomonidan esa bu taklifga rozilik bildirildi. Shundan so‘ng Jahon banki bilan bir nechta loyihalarni amalga oshirdik, endi esa hamkorlikni nisbatan murakkab va qiyinroq islohotlarda davom ettirmoqchimiz.

Jahon banki tomonidan Iqtisodiy kengash tuzish taklifi o‘rtaga tashlandi. Iqtisodiy kengash O‘zbekiston hukumati qoshidagi tashkilot bo‘ladi, lekin uning tarkibiga o‘n ikkiga yaqin xorijlik mutaxassislar ham kiritiladi. Masalan, ular orasida Jorj Vashington universiteti professori, Jahon bankining sobiq vitse-prezidenti Denni Leyptsiger, Adolfo Ibanez universiteti professori, Chilining jamoat ishlari bo‘yicha sobiq vaziri Eduardo Bitran, Merkator institutining (Germaniya) Xitoy tadqiqotlari bo‘yicha mutaxassisi, Jahon bankining Rossiya, Xitoy va Vetnam davlatlaridagi sobiq direktori Klaus Roland va iqtisod bo‘yicha jahon darajasida tanilgan boshqa mutaxassislar ham bor.

Iqtisodiy kengash tizimi faoliyati quyidagicha kechadi: masalan, iqtisodiy islohotlarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi taqdimoti va muhokamasiga Iqtisodiy kengashning to‘rt nafar eksperti keldi. Har oyda yo‘l xaritasi yo‘nalishlaridan maxsus mavzular tanlab olinadi va sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar muhokamaga chaqiriladi. Yoki aynan iqtisodiyot-moliya tizimiga oid biror qonun yoki qaror loyihasi tayyorlanib, ekspertlar e'tiboriga havola etiladi va ular o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

Xorijlik ekspertlardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasidagi vazirlik va idoralar vakillari ham Iqtisodiy kengash a'zolari bo‘lishadi. Iqtisodiy kengashning rahbari esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hisoblanadi.

Iqtisodiy islohotlar yo‘l xaritasi taqdimoti va davra stoli muhokamasi Iqtisodiy kengashning ilk yig‘ilishlaridan biri bo‘ldi. Tez orada kutayotganimiz - Prezident farmonidan so‘ng esa Iqtisodiy kengash tizimi takomillashtiriladi, uning kotibiyati tuziladi va to‘la kuch bilan ishlay boshlaydi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.