Vafot etgan fuqaro soliqni qanday to‘laydi?

Ayni vaqtda Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan qarzdor jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari yuzasidan ijro harakatlari olib borilmoqda.

Ijro harakatlarida bir necha yillar oldin vafot etib ketgan fuqarolar bugungi kunda fuqarolik tartibida sudga berilganligi va sud tomonidan qarzdor jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risida sud buyruqlari chiqarilayotganligi aniqlangan.

Jumladan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi tomonidan qarzdor A.Xudoyberdiyevdan undiruvchi tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 185 ming 463 so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risida 2017-yil 8-iyunda sud buyrug‘i chiqarilgan. Lekin qarzdor A.Xudoyberdiyev 2016-yilning 3-may kuni vafot etgan. Bu kabi sud buyruqlari avval vafot etgan M.Qobilov, M.Saidova, R.Yuldoshevlarga nisbatan ham chiqarilgan. Bunday holatlar bo‘lim ish yurituvida mavjud bo‘lgan soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq qoldiqdagi ijro xujjatlari orasida yuzlab uchraydi.

Bundan tashqari, bo‘lim ish yurituvida mavjud bo‘lgan qarzdor jismoniy shaxslardan undiruvchi – tuman DSI foydasiga soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlarining ko‘pchiligida bir nafar qarzdor jismoniy shaxs nomiga ikkita STIR hisob raqamlari ochilganligi holatlari ham borligi ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashda muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Jumladan, FIB Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2017-yil 14-martdagi qarzdor – Zoxidov Sulton Malikovichdan undiruvchi – tuman DSI foydasiga 310 ming 70 so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituvida mavjud bo‘lib, ijro harakatlari olib borilgan. Ijro harakatlari davomida qarzdorga nisbatan davlat ijrochisining qonuniy talablarini bajarmaganligi sababli eng kam oylik ish haqining besh baravari, ya’ni 861 ming 200 so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan va davlat foydasiga undirilgan. Aniqlanishicha, qarzdor S.Zoxidov nomiga tuman DSI tomonidan ikkita STIR hisob raqami ochilgan bo‘lib, qarzdor fuqaro o‘ziga ma’lum bo‘lgan STIR hisob raqami bo‘yicha yer va mol-mulk solig‘ini o‘z vaqtida to‘lab kelgan.

Har bir davlat organi, har bir mansabdor shaxs o‘z vazifasiga sidqidildan va vijdonan yondoshsa, bu kabi holatlar uchramaydi. Shundagina davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan anglashilmovchiliklarning oldi olinadi.

Husniddin JUMAYeV,
Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi davlat ijrochisi

Manba: Xabar.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.