Xalq ta'limi vazirligi maktab avtobuslari haqidagi xabarlarga aniqlik kiritdi

Xalq ta'limi vazirligi maktab avtobuslari haqidagi xabarlarga aniqlik kiritdi


O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi ayrim internet nashrlarida mamlakatimizning barcha maktablari 2019 yilning 1 yanvarigacha avtobuslar bilan ta'minlanishi haqidagi xabarlarga aniqlik kiritdi.

«Joriy yilning 2 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq ta'limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan edi.

Mazkur yig‘ilishda 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Asosiy maktab tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lmagan joylarda esa, o‘quvchilarning asosiy maktabga borishlari uchun avtobus xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi masalasini o‘rganib chiqish kerakligi ta'kidlandi. Bu tashabbus qishloq bolalarini ham yaxshi sharoitlarda o‘qishini ta'minlash o‘quvchilar uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi tizimida 9,6 mingdan ziyod maktablar faoliyat yuritadi va ularning barchasini ikki oyda avtobuslar bilan ta'minlash imkoniyati mavjud emas. Shuning uchun bu masala birinchi navbatda eng zarur bo‘lgan uzoq joylardagi maktablar uchun ko‘zda tutiladi», deb yozadi Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati.

Bundan oldinroq «Xalq So‘zi.onlayn» prezident raisligidagi yig‘ilishda hududlar talabidan kelib chiqib, litsey va kollejlarning bo‘shagan binosini joriy yil oxiriga qadar Xalq ta'limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazish, 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish, maktab avtobuslari bilan tizimli ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgani haqida xabar bergandi.

Manba: Kun.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.