O‘zbekiston va Rossiya yoshlar turizmi sohasida hamkorlik qilishga kelishdi

O‘zbekiston va Rossiya yoshlar turizmi sohasida hamkorlik qilishga kelishdi


Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida “Hamkorlik, tashabbuslar va innovatsiyalar” mavzusidagi O‘zbekiston-Rossiya Yoshlar festival-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yoshlar turizmini rivojlantirishda yoshlarning roliga bag‘ishlangan bo‘lib, u O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Rossiya yoshlar ittifoqi hamkorligida o‘tkazildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidakbarxon Akbarov yurtimizning sayyohlik salohiyati haqidagi taqdimoti bilan ishtirok etdi.

Saidakbarxon Akbarovning KUN.UZ muxbiriga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston-Rossiya yoshlar festivali uch kun davomida Toshkent, Samarqand hamda Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Tadbir doirasida ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida turli sohalarda hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishiga erishilgan, shu jumladan turizm sohasida ham.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

“Turizm bo‘yicha O‘zbekistonning 50 dan ziyod turistik kompaniyasi Rossiya turfirmalari bilan o‘zaro shartnomalar tuzdi. Mazkur shartnomalar kelgusida Rossiyadan O‘zbekistonga sayyohlar yo‘llanishi hamda, o‘z navbatida, O‘zbekistondan Rossiyaga turistlar jo‘natilishini nazarda tutadi. Samarqandda o‘tgan tadbir davomida rossiyalik hamkasblarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va kerakli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi. Forum yakunlariga ko‘ra, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti va Rossiya oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikka doir memorandumning imzolanishi kutilmoqda. Bu ikki mamlakat talabalarining o‘zaro almashuv dasturini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi”, - deydi Akbarov.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu forum ikki mamlakat yoshlarining hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun xizmat qiladi.

Ta'kidlash joizki, bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yoshlar orasida turizmga oid samarali biznes-loyihalar tanlovi haqida e'lon qilgan.

Manba: Kun.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.