75 million yevrolik pasport...

Qo‘limdagi O‘zbekiston biometrik pasporti. U 2010-yili joriy etilgan. Dunyodagi eng ilg‘or mikroprotsessorli chip bilan jihozlangan biometrik pasport.

Uni 2014-yili mahalladan, voyenkomatdan va yana allambalo organlardan «spravka»lar olib, undan keyin yana Qo‘qon pasport stolida bir necha kun ur-to‘polon navbatlarda turib, terlab-charchab rasmga tushib, barmoq izlarimni topshirib olganman. Boshqacha qilib aytganda, juda qadrli hujjat.

Bu pasportimning bir armoni bor. Butun dunyo uni zamonaviy biometrik pasport deb tan oladi-da, o‘zimiznikilar tan olmaydi. Pasportim haqiqitan pasport ekanligini — ya’ni fransuzcha aytganda «portdan o‘tib» xorijga chiqishga yaroqli hujjat ekanligini o‘sha pasportni berganlarga har ikki yilda isbotlashim kerak.

Buning uchun yana o‘sha mahalla, voyenkomat, ishxonamdan «spravka» olaman. Buning ustiga yana SPID markaziga borib qon topshiraman. Ishqilib, bir hafta sarson bo‘lib «spravka»lar yiqqanimdan keyin pasport stoliga boraman.

Pasport stolining o‘zi bir mashmasha. Hamma xonada jonli tartib. Qabul xonasi. Boshliq xonasi. Bir xonadan ikkinchi xonaga. Yana qaytib qandaydir mayor, kapitan va hokazolarning idorasida hamma qatori umidvor bo‘lib turaman. Uddaburron «tanish»lar mayorning huzuriga navbatsiz kirib chiqishaveradi. Navbatda soatlab turgan xolalar bundan xunob bo‘ladi. Ishqilib, terlab-pishib, tiqilib, oxiri navbatim kelganda hujjat topshiraman.

Pasport stolidan yo‘llanma berishadi. Terrorizmga qarshi kurashish xodimlari bilan suhbatdan o‘tish uchun. Ichki ishlar boshqarmasi binosining qalin panjarali qavat-qavat eshiklaridan, qorong‘i koridorlardan o‘tib, beparvo suzilib o‘tirgan tergovchilar xonasiga kiraman. Ularga terrorchi yoki davlat dushmani emasligimni isbotlashim kerak. Bir necha kundan keyin ular xulosa berishadi. Uni olib yana pasport stoliga boraman...

Xullas, yuqoridagi chig‘iriqlardan o‘tgandan keyin, yana 6 hafta kutsam, omadim kelsa stiker berishadi. Qancha odam uni ololmay erkin harakatlanishdek o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanolmay yuradi.

Aslida bu yaramas OVIR cheklovi Shimoliy Koreya kabi o‘ta repressiv davlatlardan tashqari hech qayerda yo‘q. Bizdayam bu cheklov sovet davridan qolgan. Butun dunyo jamoat uchun xavfli yoki jinoiy javobgarlikdan qochayotgan fuqarolarni kompyuterlaridagi ma’lumotlar bazasi orqali nazorat qilsa, biz ularni stiker bilan tutamiz. Kompyuterlar bugun qidiruvdagi odamni hoziroq ko‘rsatsa, biz «spravka»lar bilan ishlaymiz. To‘g‘ri-da, spravkalar necha o‘n yillar ishlagan qoida. Axir bu qoidani XX asr boshida NKVD o‘ylab topgan-ku!

Shu qurg‘ur stikerini yo‘q qilishsa deb ko‘p jon kuydirardim. Imkon bo‘lganda hukumat vakillari bilan muloqotlargayam fikrimni olib chiqqandim.

Endi 2019-yil 1- yanvardan o‘sha stiker degan balo bekor qilinarkan. «E, yashang! Bo‘larkanu!» demoqchi edim, lekin... Lekin bir ammosi bor ekan. Stiker o‘rniga hozirgisidanam biometrikroq, 10 yillik (hozirgisiyam 10 yillik), xorijiy biometrik pasport berilarkan. Davlat ichida yangicha ID karta, xorijga chiqadiganlarga esa yangi biometrik pasport berilarkan.

Iye! Qadrli yashil pasportim o‘zi yaqindagina almashtirilgan bo‘lsa... Butun dunyo davlatlari tan olgan bo‘lsa... Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) talablariga to‘liq javob bersa... Ichida eng zamonaviy mikroprsessorli chip o‘rnatilgan biometrik pasport bo‘lsa... 10 yilga berilib, xorijga chiqish uchun viza sahifalari bo‘lsa... Yangisidan farqi yo‘q bo‘lsa... Hozirgisidan voz kechib, yana yangi, xuddi shunga o‘xshash pasportga almashtirishning nima keragi bor?

Ustiga ustak bu jiddiy xarajat.

Ha, aytgancha, hozirgi biometrik pasportimiz sizu bizga necha pulga tushganini bilasizmi?

Qadrdon biometrik pasportimiz 2010-yili joriy etilgan. Biometrik pasportlarni yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi Fransiyaning «Oberthur Technologies» kompaniyasiga 75 million yevrolik kontrakt bergan. Eng qizig‘i «Oberthur Technologies» ayrim davlatlarda pasport tizimini takomillashtirish kontraktlarini yutib olish uchun mulozimlarga pora berganini tan olib, qator xalqaro tashkilotlarning sanksiyalariga duch kelgan. O‘zingiz xulosa qiling...

Xo‘sh, qo‘limizda atigi 8 yil avval bizga 75 million yevroga tushgan, butun dunyo tan olgan, zamonaviy biometrik pasport turgan bo‘lsa, hozir yana budjetdan shuncha o‘rinsiz xarajat kerakmi? Prezidentga bu borada maslahat berganlar bu tomonini o‘ylashganmikan?

Maqsad cheklovni olib tashlash bo‘lsa, OVIR stikeridan voz kechilsin. Tamom. Uning o‘rniga yana bir xorijiy biometrik pasport joriy qilish va u orqali yana cheklovni davom ettirish kerak emas.

O‘zbekistonning har bir fuqarosi pasportga ega bo‘lish va xorijga chiqish huquqiga ega. Unday huquqi bo‘lmasa, sud hukmi bilan isbotlang, jazolang. Sud hukmi bo‘lmasa o‘zboshimchalik bilan bu odam chet elga chiqa oladi, bu odam chiqa olmaydi deyishga huquq tartibot organlarining vakolati bo‘lmasin.

Davlat ichida yangicha ID karta kiritilishini esa qo‘llab-quvvatlayman. Oddiygina hamyonga sig‘adigan plastik karta. Resurslarni o‘shanga yo‘naltirishsin. Lekin yangi biometrik pasport kerak emas. U bizda bor. Naq 75 million yevrolik qadrli pasport!

Siz ham fikr-mulohazalaringizni bildiring, aziz yurtdoshlar.

Nodir Zokirov

Manba: Xabar.uz

Copyright © 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.