“SamAvto” past polli SAZ LE 60 avtobuslarini “Toshshahartransxizmat”ga yetkazib berishni boshladi

Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan past polli SAZ LE 60 rusumidagi shahar avtobuslarining dastlabki partiyasi 27-oktabr kuni “Toshshahartransxizmat” kompaniyasiga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.



Foto: O‘zA

Shahar ichki yo‘nalishlariga mo‘ljallangan ushbu avtobus polining pastligi hamda yo‘lovchilarni olish va tushirishda shassining pasayishi, ya’ni “kniling” tizimining mavjudligi, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilgani, konditsioner o‘rnatilgani bilan ajralib turadi. Avtobusning umumiy yo‘lovchi sig‘imi 56 kishini tashkil etib, 25 o‘rindiq o‘rnatilgan. Euro-4 ekologik standartiga javob beradigan Isuzu dvigateli o‘rnatilgan.



Foto: O‘zA

2014-yildan beri ishlab chiqarilayotgan ushbu modeldagi avtobuslar ayni vaqtda Rossiya, Qozog‘iston, Gruziyaga buyurtma asosida yetkazib berilmoqda. Shuningdek, Toshkent va Samarqand shaharlarida ham sinovdan o‘tkazilib, yo‘nalishlarda foydalanish uchun xarid qilinmoqda.

“Korxonamiz bitta SAZ LE 60 xarid qilib, to‘rt yil yo‘nalishda sinab ko‘rdi. Foydalanish davrida avtobusning texnik imkoniyatlari va yo‘lovchilar uchun qulayliklari atroflicha o‘rganilib, zarur takliflar berildi, modelni takomillashtirish choralari ko‘rildi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tgach, endi 10 ta yangi avtobus xarid qilyapmiz”, — dedi Toshkentdagi 3-avtobus saroyi xodimi G‘.Mirzayev.



Foto: O‘zA

Samarqand avtomobil zavodi va “Toshshahartransxizmat” o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra, zavod 2018-yilda 80 ta LE 60 avtobusini yetkazib berishi kerak. 2019-yilda esa yana 200 ta SAZ LE 60 avtobuslari Toshkent shahri jamoat transporti uchun yetkazib beriladi.

Manba: Daryo.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.